Prezident Shavkat Mirziyoyev Uzbekistan GTL zavodiga vertolyotda yetib keldi va ochilish marosimidan avval mutasaddilar taqdimoti bilan tanishdi.

Foto:

25-dekabr kuni Qashqadaryo viloyatida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha “Uzbekistan GTL” zavodi ochiladi. Yangi zavod respublikaning neft mahsulotlariga, xususan, dizel yoqilg‘isi va kerosinga, shuningdek, suyultirilgan gazga bo‘lgan ichki ehtiyojini qoplashga xizmat qiladi.

Kun.uz muxbiriga ko‘ra, ayni paytda prezident Shavkat Mirziyoyev yangi zavodga yetib bordi va rasmiy uchrashuvlar boshlandi. 

“Endi bunday korxonalar faqat investitsiyalar bilan barpo etiladi. Bu korxona ishga tushyapti, endi eng muhimi xalqimiz buning foydasini his qilsin. Shuncha yil gaz sotdik, lekin manfaat ko‘rmadik. Bunday zavodlar bilan chuqur qayta ishlashni yo‘lga qo‘yib, qo‘shimcha qiymat yaratamiz”, deya uning so‘zlarini keltirmoqda muxbir.

Kun davomida bu yerda rasmiylar ishtirokida zavodning taqdimot marosimi va badiiy kecha bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, Qashqadaryodagi yangi zavodning noyobligi shuki, u innovatsion va xalqaro standartlar asosida qurilgan bo‘lib, bunday zavod dunyoning sanoqli davlatlari – Qatar, Nigeriya, JAR, Malayziyada mavjud. O‘zbekiston bu davlatlar qatoriga beshinchi bo‘lib qo‘shilmoqda.