Koronavirusning “omikron” shtammi haqida borgan sari ko’proq ma’lumotga ega bo’lyapmiz. Ammo olimlar bu borada yakuniy va yakdil xulosa chiqarish uchun hali yetarlicha dalillar yo’qligini aytishmoqda.

Shunga qaramay, hozirgacha o’tkazilgan izlanishlar natijalari “omikron”ni yuqtirganlarda kasallik “delta”ga nisbatan yengil o’tayotgani hamda o’lim ko’rsatkichlari kamligini tasdiqlaydi.

Buni Shotlandiya olimlari o’ziga xos usulda hisob-kitob qilishgan. Buning uchun “omikron” va “delta”ni yuqtirganlar soni hamda shifoxonaga murojaat qilganlar ko’rsatkichlari o’zaro taqqoslangan.

Ma’lum bo’lishicha, agar yangi shtamm “delta” kabi og’ir kechganida, hozir Shotlandiya kasalxonalarida ushbu turdan davolanayotgan bemorlar soni 47 nafarni tashkil etishi kerak edi. Vaholanki, bu ko’rsatkich ayni paytda bor-yo’g’i 15taga teng.

“The Guardian” nashri esa “omikron”ga xos umumiy simptomlar haqida yozdi. Unga ko’ra, ushbu virus turi bilan kasallangan bemorlarda tomoq og’rig’i va qichishishi, mushaklar zirqirashi, charchoq, quruq yo’tal hamda kechasi terlash kabi belgilar kuzatiladi.

Yangi shtammdan ilk o’lim Germaniyada ham qayd etildi.

Buyuk Britaniyada esa koronavirusga chalinish bo’yicha rekord ko’rsatkichlari har kuni yangilanyapti, oxirgi sutkada bu yerda deyarli 120 mingta yangi holat aniqlangan.

Shunday bo’lsa-da, mamlakatda “omikron”ni yuqtirganlar orasida kasalxonaga yotqizish xavfi keskin kamayib borayotgani ijobiy ko’rsatkich.

Ispaniyada nafaqat jamoat joylari, balki ko’chada ham majburiy niqob taqish talabi qayta joriy etilishi ma’lum qilindi. Mamlakatda o’tgan kuni 60 mingta koronavirusga chalinish holati qayd etilgan bo’lsa, shundan qariyb yarmini “omikron” tashkil etmoqda.

O’z navbatida, Italiya hukumati 2022-yilning 31-yanvariga qadar ommaviy tadbirlar o’tkazishni taqiqladi, diskotekalar va klublarni yopishga qaror qildi. Endi mamlakatda aholi ko’cha va jamoat joylarida tibbiy niqobda yurishga majbur.

Koronavirusning yangi “omikron” shtammi birinchi marta 11-noyabr kuni Janubiy Afrikada topilgan. Yapon olimlarning ta’kidlashicha, yangi shtamm tarqalish tezligi tufayli avvalgilariga, jumladan, “delta”ga qaraganda xavfliroq bo‘lishi mumkin.