Uzbekistan Airways’ning bugun Toshkentdan uchadigan samolyoti quyuq tuman tufayli Andijonga qo‘nmaydigan bo‘ldi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: “Uzbekistan Airways” axborot xizmati

Ma’lum qilinishicha, meteorologik sharoit tobora yomonlashib borayotganligi (tuman, ko‘rishning yetarli darajada emasligi) munosabati bilan faqatgina 24-dekabr kuni HY091/Toshkent—Andijon aviaqatnovi Toshkent—Farg‘ona muqobil yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshiriladi. HY092/Andijon—Toshkent qatnovi esa Farg‘ona shahridan amalga oshiriladi.

Shuningdek, qatnov vaqtiga ham o‘zgartirish kiritilgan. HY-091 qatnovining jo‘nab ketish vaqti soat 14:00ga, HY-092 qatnovining jo‘nab ketish vaqti esa soat 16:00ga o‘zgartirilgan.

Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida Andijon va Farg‘ona aeroportlari o‘rtasida transfer harakat tashkil etiladi.

Eslatib o’tamiz, avvalroq Uzbekistan Airways Yangi yil bayramiga maxsus chegirmalar e’lon qilgani xabar berilgandi.