Qozog‘iston O‘zbekiston bilan bog’lovchi 173 mln. dollarlik magistral yo‘l qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Qozog’iston Sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vazirligi ma’lum qilgan.

Foto: Transport vazirligi

Vazirlik maʼlumotlariga koʻra, dekabr oyida ikki davlat vakillari Qiziloʻrda-Uchquduq avtomobil va temir yoʻl qurilishi rejasini imzolagan. Magistral yo‘l uzunligi 280 km, jumladan, 140 km Qozog‘iston hududidan o‘tishi kutilmoqda.

2024-2025-yillarda yo‘lning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish, 2025-yildan esa ikki-uch yil ichida yo‘l qurilishini boshlash rejalashtirilgan.

“Magistral qurilishining smeta qiymati 75 milliard tenge, jumladan, nazorat-o‘tkazish punkti qurilishi uchun 5 milliard tengeni tashkil etadi”, — deyiladi xabarda.

Vazirlikning taxminlariga ko‘ra, bu yo‘l Markaziy Osiyo davlatlarini Qozog‘istonning janubiy, markaziy va shimoliy hududlari orqali Rossiya bilan birlashtiradi. Yo‘l Qizilo‘rda – Jezqazg‘on – Pavlodar – Rossiya chegarasi xalqaro koridorining bir qismi bo‘ladi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston tomoni Qiziloʻrda – Uchquduq yangi temir yoʻl liniyasini qurish tashabbusi bilan chiqqan. Qo‘shma harakatlar rejasi imzolandi. Texnik-iqtisodiy asosni ishlab chiqish uchun iqtisodiy tahlil o’tkazish qolgan. Biroq, bu ikki davlatning rejalaridagi yagona temir yo’l emas.