O‘zbekiston Respublikasi Qirg‘izistondan mineral suv import qiluvchi davlatlar orasida yetakchiga aylandi. Bu haqda Sputnik Qirg‘iziston Milliy statistika qo‘mitasiga tayanib yozmoqda.

Foto: RIA Novosti

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar-oktabr oylarida O‘zbekistonga Qirg‘izistondan 362 ming 88 litr shakarsiz mineral suv yetkazib berilgan.

Ikkinchi o‘rinni Qozog‘iston egalladi. Mamlakatga 360 ming litrdan ortiq mineral suv import qilingan.

Shuningdek, Qirg‘izistondan Birlashgan Arab Amirliklari– 21 880 ming litr, Turkmaniston – 1150, Kanada – 140,8, Germaniya – 50, Shveysariya – 37,3, Irlandiya – 24,7 ming litr mineral suv import qilgan .

Qayd etilishicha, bu yil Qirg‘iziston jami 748,2 tonna shakarsiz mineral suv (169 ming dollar) eksport qildi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan eksport hajmi ikki baravarga ko‘paydi. 2020-yilda bu ko‘rsatgich atigi 383,7 ming litrni (deyarli 88 ming dollar) tashkil qilgandi.