Samarqandda maktab ta’mirlash ishlarini bajarilganligi haqidagi dalolatnomani XTB mudiriga tasdiqlatib berish evaziga 2000 AQSh dollar so’ragan mansabdor qo’lga olindi. Bu haqda Prokuratura departamenti axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Prokuratura departamenti axborot xizmati

Xabarga ko’ra, DXXning Kattaqo‘rg‘on shahar hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kattaqo‘rg‘on tumani bo‘limlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Kattaqo‘rg‘on tumani xalq ta’limi bo‘limi mutaxassisi A.Sh. “L.S.” MChJ tomonidan tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktabida amalga oshirilgan 300 mln. so‘mlik joriy ta’mirlash ishlarini bajarilganligi haqidagi dalolatnomani XTB mudiriga tasdiqlatib berish evaziga 2000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.