Joriy yilning 19-dekabr kuni Qo‘qon shahar “Vaqf Chorsu” MFY Barhayot ko‘chasidagi xonadonda portlash sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat hokimining hodisani o‘rganish to‘g‘risidagi qarorida aytilgan.

Foto: Sputnik

Qarorda keltirilishicha, soat 04:50da Qo‘qon shahar “Vaqf Chorsu” mahalla fuqarolar yig‘ini Barhayot ko‘chasidagi xonadonda gaz-havo aralashmasi chaqnashi sodir bo‘lgan. 

Portlash oqibatida mazkur xonadonda istiqomat qiluvchi 4 nafar fuqaro turli darajada kuyish tan jarohati olib, Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali Qo‘qon shahar subfilialiga yotqizilgan.

Avvalroq, Namanganda uy egasi va uning farzandi yong‘inda qolib, halok bo‘lgani shuningdek, Oqdaryo tumanidagi kafeda gaz balloni portlashi natijasida 10 kishi jarohatlangani haqida ham xabar berilgandi.