“O‘zgidromet” yetakchi mutaxassisi Erkin Abdulahatov 30-31 dekabr kunlari O‘zbekistonda yog‘ingarchilik kutilmasligini ma’lum qildi. Mutaxassis shuningdek, mamlakatda nima sababdan qishda qor yog‘ishi kamayib borayotganiga to’xtalgan.

Foto: Daryo


“Global iqlim o‘zgarishi bizning mintaqada iliq qish kunlari sonining ortib ketishi bilan namoyon bo‘lmoqda.

O‘zbekistonda qish mavsumida qor yog‘ishi uchun shimol va shimoli g‘arbdan sovuq havo oqimlari tez-tez respublika hududlariga kirib kelishi kerak bo‘ladi. Boshqacha aytganda, bizning mintaqada ayni shu havo oqimlaridan qor yog‘adi.
Tahlillarga ko‘ra, hozirda yil davomida sovuq havo oqimlarining respublika hududlariga kirib kelishi o‘tgan asr oxirlariga nisbatan naqd ikki barobarga kamaygan.

Buning natijasida, 2016-yildan boshlab, qishda yog‘ib o‘tgan qorlar davomiyligi va yerda hosil bo‘lgan qor qoplamining sutkalab erimasdan turish holatlari keskin kamayib ketdi. Bir so‘z bilan aytganda, qish mavsumida iliq qish kunlari sonining ortishi kuzatilmoqda”, deydi mutaxassis.

Ma’lumot uchu, 23-24 dekabrda hududlarning katta qismida quruq va nisbatan iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat respublikaning shimolida ob-havo sharoiti yana o‘zgaradi, ushbu hududlarga Volga bo‘yi hududlaridan antisiklon kirib keladi. Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda qorga aylanadi. Havo harorati kechalari 0-5° iliq, kunduzi 23-dekabrda 8-13° iliq atrofida bo‘ladi, 24-dekabrda respublika bo‘yicha 5-10° iliqni tashkil etadi, shimolda esa 0-5° iliqgacha pasayadi.

Hafta davomida respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin.