Oʻzbekiston Milliy gvardiya qoʻmondoni, general-mayor Rustam Joʻrayev Rossiyaga rasmiy tashrif bilan bordi.

Foto: Google

Milliy gvardiya matbuot xizmati xabariga koʻra, Rosgvardiya rahbari Viktor Zolotov bilan uchrashuvda xavfsizlik masalalari va kadrlar tayyorlash sohasidagi oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash hamda rivojlantirish muhimligi alohida taʼkidlangan.

“Jamoat xavfsizligini taʼminlash va harbiy kadrlar tayyorlash sohasida oʻzaro tajriba almashish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan va 2022-yilga moʻljallangan Hamkorlik rejasi imzolandi”, – deyilgan xabarda.

Delegatsiya aʼzolari Moskva shahridagi Rosgvardiya Bosh boshqarmasida ham boʻlib, unda boʻlinmalarning jangovar-xizmat faoliyati, texnika va qurol aslahalari, shuningdek, tezkor maxsus otryadining koʻrgazmali chiqishi bilan tanishdilar.

Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi tashkil etilganidan keyin birinchilardan boʻlib Rossiya Milliy gvardiyasi bilan oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. 2018-yilda ikki mamlakat Milliy gvardiyalari qoʻshinlari oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim imzolangan.