Bugun dunyo yana bir global xatar bilan ro’baro’ kelgan. Ehtiyot choralari qanchalik kuchaytirilmasin, koronavirusning “omikron” shtammi sarhadlarni “tan olayotgani” yo’q.

Foto: Google

Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining navbatdagi hisobotida keltirilishicha, yangi shtamm aniqlangan mamlakatlar soni 106taga yetdi. Eng yomoni, ushbu mutatsiya “delta”ga nisbatan ancha tez tarqalmoqda.

Masalan, dunyoda “omikron”dan ilk o’lim holati bundan 10 kuncha avval Buyuk Britaniyada qayd etilgandi. Hozirga kelib bu mamlakatda ushbu tur bilan xastalanib vafot etganlar soni 14 nafarni tashkil etmoqda.

Germaniya sog’liqni saqlash vaziri Karl Lauterbax yangi shtamm tarqalishi tufayli hududda pandemiyaning beshinchi to’lqini boshlanganini rasman e’lon qildi.

Ammo mazkur xastalik o’chog’i bo’lgan Janubiy Afrika Respublikasida buning aksi kuzatilyapti: mamlakatda “omikron” aniqlangan davrda COVID-19’ga chalinish holatlari qanchalik shiddatli tusda ortgan bo’lsa, hozir xuddi shu sur’atda pasayish qayd etilmoqda. Mutaxassislar buni Janubiy Afrikada eng yuqori cho’qqidan o’tildi, deb izohlashmoqda.

Shunga qaramay, AQShning “Akron Beacon Journal” nashri “omikron” qizamiqdan keyin dunyodagi eng yuqumli virusga aylanganini yozgan.

Binobarin, rossiyalik olimlar o’rganishlariga ko’ra, “omikron”ning inkubasiya davri odatda 3-6 kunni tashkil qiladi. Biroq kasallikning ilk belgilari bemor bilan aloqa qilgan kunning ertasiga ham paydo bo’lishi mumkin.

Qolaversa, ushbu mamlakat tadqiqotchilari yangi shtamm ayniqsa keksa yoshli emlanmagan shaxslar orasida og’irroq kechishini aytishmoqda. To’liq va qo’shimcha dozada olingan vaksinalar esa inson organizmining bu virus turiga qarshi kurashish samaradorligini oshiradi.