Afg‘oniston sobiq vitse-prezidenti, etnik o‘zbeklarning yirik vakili Abdulrashid Do‘stum “Tolibon” hokimiyatga kelgandan so‘ng ilk bor ko‘rinish berdi. Uning surati sobiq parlament deputati Hoji Muhammad Muhaqqiy tomonidan e’lon qilingan.

Muhaqqiy ikki o‘rtada “do‘stona uchrashuv” bo‘lgani haqida yozgan.
Eslatib o‘tamiz, Do‘stum toliblar avgustda hokimiyatni egallagach, g‘oyib bo‘lgandi. Shundan so‘ng u bir necha bor internetda bayonot bilan chiqdi.
Jumladan u toliblarga bir necha shart qo‘yib, talablar bajarilmasa urush muqarrarligidan ogohlantirgan edi.
Ma’lumot uchun, “Tolibon” harakati 15-avgustdan 16-avgustga o‘tar kechasi Kobulni jangsiz o‘z nazoratiga olgandi.
Mamlakatning sobiq rahbari Ashraf G‘ani oilasi bilan Birlashgan Arab Amirliklarida yashayotgani xabar qilingan. U hozirga qadar rasman iste’fo bermadi. Shu bilan birga, Afg‘onistonning sobiq birinchi vitse-prezidenti Amrulla Solih o‘zini prezident vazifasini bajaruvchi deb e’lon qilgan. U ham mamlakat tashqarisidan panoh topgan.