Joriy yilda Tojikistondan Rossiyaga rekord darajada mehnat muhojirlari chiqib ketgan. 1 million 600 ming nafardan ziyod tojikistonliklar bu mamlakatga kelgani haqida Rossiya mehnat vazirligi maʼlumot berdi. Bu esa Tojikiston aholisining qariyb beshdan bir qismini tashkil etadi.

Foto: Google

Kuzatuvchilarning aytishicha, aviachiptalar narxi odatdagidan bir necha oʼn barobar oshib ketganiga qaramay, tojikistonliklarning yil boʼyi Rossiyaga safar qilishi to’xtamagan.

Rossiyada soha masʼullarining aytishicha, mamlakatdagi mehnat muhojirlarining katta qismini Markaziy Osiyo davlatlaridan kelganlar tashkil etadi.

Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining Migratsiya boshqarmasi rasmiysi Tatyana Dmitriyevaning aytishicha, birgina Moskvaning oʼzida 1 million 33 ming nafar mehnat muhojirlari ro’yxatga olingan.

“Bu yerdagi muhojirlarning 31 foizi Oʼzbekistondan kelgan, 26 foizi tojikistonlik va 25,4 foizi Qirgʼiziston fuqarolari ekani maʼlum boʼldi”, – deydi Dmitriyeva.

2020-yil COVID-19 pandemiyasi tufayli Rossiyada mehnat muhojirlari soni odatdagi 10-11 million nafardan 6 million nafargacha kamaygani maʼlum boʼlgan.

Аmmo chegaralar ochilishi ortidan 2021-yilda mehnat muhojirlari soni yana koʼpaya boshlagani kuzatilmoqda. Tojikiston Mehnat va aholi bandligi vazirligi bergan maʼlumotga koʼra, faqatgina 2021-yilning yanvaridan to noyabr oyiga qadar Tojikistondan 331 ming nafardan ortiq odam Rossiyaga safar qilgan.