Tojikiston harbiylari “KamAZ” yuk mashinasiga oʻt ochdi, haydovchi Qirgʻiziston fuqarosi yaralandi, deb xabar qildi Sputnik Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi Davlat chegara xizmatiga tayanib.

Foto: RIA novosti

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, holat qirgʻizistonlik haydovchi “KamAZ” rusumli yuk mashinasida Batken viloyati Leylek tumani Maqsat-Jashtik yoʻli boʻylab harakatlanayotgan vaqtda yuz bergan.

“Haydovchi ariqdan suv olish uchun toʻxtagan. Shu vaqtda 3 nafar tojikistonlik harbiy xizmatchi unga yaqinlashib, mashinaga oʻtiradi va Tojikiston hududiga borishni talab qilgan. Haydovchi tojik chegarachilari bilan birga harakatlanadi. U oʻziga eʼtibor qaratish maqsadida yoʻl boʻylab ketayotgan boshqa mashinaning yoʻlini toʻsadi va tojikistonlik harbiylar tomonidan qoʻlga olinganini haqida baqiradi.

Tojikiston chegarachilari mashinadan tushadi, haydovchi esa harakatni davom ettiradi. Tojikistonlik harbiylar “KamAZ”ga qarata – gʻildirak va old oynaga 3 marta oʻq uzishdi. Buning oqibatida singan oyna boʻlaklaridan haydovchi timdalandi”, – deyiladi Qirgʻiziston chegara xizmati xabarida.

Ayni vaqtda ikki davlat chegara vakillarining uchrashuvi boʻlib oʻtmoqda.

Sputnik Tojikiston maʼlum qilishicha, chegarada yuz bergan bu hodisani Tojikiston rasmiylari ham tasdiqlagan.

Eslatib o’tamiz, 17-dekabr kuni ham tojik-qirg’iz chegarasida otishma sodir bo’lgani xabar berilgandi.