Shu yilning 20-dekabr kuni Toshkent yoshlar forumida ishtirok etgan madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov do’ppi masalasida jamoatchilik tomonidan e’tirozli fikrlarga munosabat bildirdi.

“Bu masalada shu darajada pastga tushgim kelmayapti. Bu yerda haqligimni million foiz bilaman. Shu millatning vakili sifatida hammamiz do’ppi kiyaylik, deyishga haqqim bor”, – dedi vazir Ozodbek Nazarbekov.

Vazir bu zo’rlash yoki majburlash emasligini, u shunchaki hammaga eslatib qo’yganini aytdi.

“Ko’chada yoshlar chechenlarning do’ppisini kiyib yuribdi, ularga hech kim indamayaptiku, men do’ppi kiymoqchi bo’lsalaring, bu bizda ham bor, o’z ota-bobolarimizning bosh kiyimini kiyinglar degan ma’noda aytgandim. Biz zo’ravonlik yoki majburiy tartibda hamma shunday qilsin demayapmiz. Men bitta qadriyatimizni targ’ib qildim. Agar bunday qilishga haqqim bo’lmasa, aytinglar”, – deya qo’shimcha qilgan Nazarbekov.

Eslatib o’tamiz, avvalroq, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov endi vazirlik xodimlari ishga do’ppida kelishlarini aytib, barcha soha vakillarini bunga jalb qilgandi.

Shundan so’ng, u vazirlikda xodimlariga Majlis o’tkazib, unda do’ppisiz qatnashgani keng muhokamalarga sabab bo’lgandidi.