AQSh sobiq prezidenti, respublikachi Donald Tramp o‘zining “Trump Organization” kompaniyasiga qarshi tergov o‘tkazayotgan Nyu-York shtati bosh prokurori Letitsiya Jeymsning ustidan sudga shikoyat qildi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

Foto: RIA Novosti

Xususan, Tramp uni yanglish xulosa chiqarishda ayblamoqda.

Da’vo arizasida ta’kidlanishicha, Jeyms demokrat bo‘lib, “faqat siyosiy dushmanlik va u o‘zining siyosiy raqibi deb biladigan fuqaroni ta’qib qilish, qo‘rqitish va o‘ch olish istagi bilan harakat qilmoqda”.

Jeyms Tramp va Trump Organization’ning fuqarolik huquqlarini buzishda ayblanyapti. Da’voda bosh prokurordan “zudlik bilan ishni to‘xtatish yoki hech bo‘lmaganda barcha davom etayotgan tergovlarni tegishli ravishda cheklash” bo‘yicha hamda Jeymsning Tramp yoki uning biznes majmuasiga qarshi har qanday fuqarolik yoki jinoiy ishda ishtirokini taqiqlash talab qilinmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Jeyms ilgari surilgan da’voga allaqachon munosabat bildirgan va tergov “to‘xtovsiz davom etishini” ma’lum qilgan.

Nyu-York shtati prokuraturasi Donald Tramp va uning Trump Organization kompaniyasini kreditlarni ta’minlash va iqtisodiy foyda olish uchun aktivlar qiymatini manipulyatsiya qilishda ayblamoqda.