Avvalroq, Qirg‘iziston sobiq prezidenti Asqar Akayevdan “Qumtor” ishi bo‘yicha barcha ayblovlar olib tashlangani, bu haqda sobiq davlat rahbarining hamkasbi Bekbolot Talgarbekov ma’lum qilgani haqida xabar berilgandi.

Foto: Google

Qirg‘iziston Respublikasi Milliy xavfsizlik bo‘yicha Davlat qo‘mitasining ma’lum qilishicha, ayrim shaxslarning “Qumtor” ishi bo‘yicha sobiq prezident Asqar Akayevga nisbatan qo‘yilgan barcha ayblovlar olib tashlandi, deb tarqatayotgan xabarlari haqiqatdan yiroq. Tergov ishlariga umuman aloqasi bo‘lmagan bu kabi xabarlar jamoatchilikni atay chalg‘itish maqsadida amalga oshirilgan.

Qirg‘iziston Respublikasi Milliy xavfsizlik bo‘yicha Davlat qo‘mitasi jamoatchilikka ma’lum qilishicha, “Qumtor” ishi bo‘yicha, jumladan, Asqar Akayevga nisbatan ham tergov ishlari davom etmoqda.

Bundan tashqari, sobiq prezident Asqar Akayevga 1992-yilda “Kameko” kompaniyasi bilan bosh kelishuvga erishilishi hamda 2003-yilda “Qumtor” loyihasining restrukturizatsiya qilinishi bo‘yicha ham qisman ayblovlar qo‘yilgan.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Asqar Akayev yuqorida qayd etilgan jinoiy ishlar bo‘yicha aybini to‘liq zimmasiga olgan va tergov ishi bilan faol hamkorlik qilmoqda, deyiladi xabarda.

Ma’lumot o‘rnida, Akayev avgust oyida Qirg‘izistonga kelgan edi. Sobiq Prezident Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasidagi so‘roqdan so‘ng tergov bilan kelishuvga erishdi va aybiga iqror bo‘lgandi.

Tergovdan so‘ng u Prezident Sadir Japarov bilan uchrashgan. Uchrashuvdan so‘ng, Asqar Akayev matbuot anjumanida Qirg‘iziston Prezidentiga “hamma narsani aytib berish” imkoniyati uchun minnatdorlik bildirgan. 8-avgust kuni esa Akayev mamlakatni tark etgan. 

Qirg‘izistonda “Qumtor” oltin koni bilan bog‘liq to‘rtta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ulardan biri – ekologiya masalalari bo‘yicha kon kompaniyasi rahbarlariga qarshi, qolgan uchtasi – korrupsiya faktlari bo‘yicha mansabdor shaxslarga nisbatan.