Avvalroq, Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatida ayol eri tomonidan vahshiylarcha o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat prokraturasi ma’lumot berdi.

Foto: Google

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 21-oktabr kuni Yakkabog‘ tumani “Uyg‘ur” mahallasida yashovchi fuqaro U.E. mast holatda turmush o‘rtog‘i G.X. bilan o‘zaro janjallashib qolgan. Shunda mast er xotinini bir necha bor urib, tan jarohati yetkazgan. Oqibatda ayol vafot etgan.

Xabarga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan joriy yilning 22-oktabr kuni Yakkabog‘ tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha U.E.ga Jinoyat kodeksining 97-moddasi bilan ayb e’lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Qayd etilishicha, jinoyat ishi yuzasidan Yakkabog‘ tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov harakatlari ustidan viloyat prokuraturasi tomonidan nazorat o‘rnatilgan.