Normativ huquqiy hujjatlar muhokamalari portaliga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan “Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillar instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori joylashtirildi.

Foto: Mel

Qaror loyihasiga muvofiq, Namanganda Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillar instituti tashkil etilishi kutilmoqda.

Hujjatda institutning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:

  • milliy va xalqaro ta’lim standartlari asosida mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan xorijiy tillar bo‘yicha malakali kadrlarni tayyorlash;
  • o‘quv jarayonini zamonaviy ta’lim texnologiyalari, ilg‘or va innovatsion tajribalar asosida tashkil qilish;
  • chet tillar bo‘yicha milliy va xorijiy professor-o‘qituvchilar bilan hamkorlikda yangi avlod o‘quv adabiyotlarini yaratish, axborot-resurs markazini zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik va ilmiy adabiyotlar bilan ta’minlash hamda ularni muntazam yangilab borish;
  • chet tillarni o‘qitishning interfaol vositalarini ishlab chiqish va joriy etish hamda aholining keng qatlamlari o‘rtasida chet tillarni o‘rganishni ommaviylashtirishga ko‘maklashish;
  • chet tillarga o‘qitishning xalqaro standartlari asosida tegishli tavsiyalar va qo‘llanmalar ishlab chiqish;
  • xalqaro baholash dasturlari (PISA, TIMSS, PIRLS) va STEAM standartlaridan foydalanish, o‘qitish va baholashning zamonaviy shakllari, metodlari va texnologiyalarini joriy etish hamda ushbu bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan pedagoglarini tayyorlash;
  • xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlarning (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education, Academic Ranking of World Universities kabi) reytingida oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi 1 000 o‘rinni egallagan xorijiy oliy ta’lim muassasalarining tajribasi va dasturlari asosida individual ta’lim trayektoriyalariga asoslangan, talabalarda kreativ fikrlash, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan o‘quv rejalar ishlab chiqish orqali talabalar qiziqishlari hamda kadrlar buyurtmachilari ehtiyojlariga muvofiq ta’lim dasturlarini shakllantirish;
  • respublika va xorijiy oliy ta’lim hamda ilmiy muassasalariga istiqbolli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali Institutning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish.

Agar qaror imzolansa, institutda o‘quv jarayoni 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanadi.