Bugun Namangan viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqovning 2021-yil yakunlari va 2022-yilning ustuvor vazifalari yuzasidan murojaati o’qib eshittirildi.

OTM talaba dtm universitet
Foto: Darakchi

Gap shundaki, ayni paytda viloyatda bor-yoʻgʻi uchta oliygoh faoliyat koʻrsatib, umumtaʼlim maktablari bitiruvchilarini oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 28 foizni tashkil etmoqda.

Ayni masalani yechish yoʻlidagi  saʼy-harakatlar samarasi oʻlaroq sanoqli yillar ichida yangidan oʻnta oliy taʼlim muassasasi tashkil etiladi. Ular orasida Xalqaro raqamli universitet, Pokiston Islom Respublikasi Lahor universiteti bilan hamkorlikda The internatonal university of Namangan, Yangi asr universiteti, Toʻraqoʻrgʻonda ixtisoslashtirilgan Ibrat maktabi qoshidagi xorijiy tillar universiteti va boshqa zamonaviy oliygohlar  bor.

Bundan tashqari oʻz sport zaliga ega boʻlmagan 128ta umumtaʼlim maktablari muammosini  hal etish maqsadida  kelgusi yilning oʻzida ularning 21tasida shunday inshootlar barpo etiladi.

Shuningdek, maktabgacha taʼlim tashkilotlari sonini koʻpaytirish, tumanlarda zamonaviy axborot-kutubxona markazlari qurish,  aholi ichimlik suv taʼminoti darajasini koʻtarish vazifalari ham kun tartibida turibdi.

Darvoqe, hududda xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturiga asosan 533ta loyihaga 375 milliard  soʻm imtiyozli kredit ajratiladi. Natijada ushbu sohada 4 681ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Shahar va tumanlarda 17ta koʻchani tunu kun ishlaydigan savdo va koʻngilochar koʻchalarga (Shopping Street) aylantirish hisobiga 820ta xizmat koʻrsatish obyektlari barpo etish ham koʻzda tutilmoqda. Yoʻl boʻyi infratuzilmasini yanada yaxshilash maqsadida xalqaro va tumanlararo yoʻllar boʻyida umumiy qiymati  20,8 mlrd.soʻm boʻlgan 411ta xizmat koʻrsatish obyektlari quriladi.

Aholi gavjum hududlarda esa 98 ta koʻchma savdo obyektlari, 251 ta bekatlar hamda 151 ta yengil konstruksiyali xizmat obyektlari  ishga tushiriladi.

Eslatib o’tamiz avvalroq, Namanganda chet tillar instituti tashkil etilishi haqida xabar bergandik.