Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov bugun bir necha marta sotuvga qo’yilib, taqdiri shu paytgacha noma’lum bo’lib qolayotgan Matbuotchilar uyiga kelib, Markaziy bosma nashrlar bosh muharrirlari bilan uchrashuv o’tkazdi. Bu haqda huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev xabar berdi.

Xabarga ko’ra, Sherzod Asadov “Matbuot uyi” nomi bilan mashhur bo‘lgan va hozirda sotuvga qo‘yilgan bino uzil-kesil sotuvdan olingani hamda bino kelgusida ommaviy axborot vositalari, jumladan bosma nashrlarga qoldirilishini ma’lum qilgan.

Avvalroq, “Matbuot uyi”ning sotuvga qo‘yilishi jurnalistlar orasida salbiy kutib olingan va bir qancha tanqidiy chiqishlar qilingan edi.

Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, ushbu masala Prezident tomonidan nazoratga olingan va ushbu bino zamonaviy talablar asosida qayta quriladi hamda ommaviy axborot vositalari, shuningdek Jurnalistlar uyushmasi foydalanishi uchun topshiriladi.

Bundan tashqari OAVlar, bosma nashrlar hamda Jurnalistlar uyushmasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus qaror loyihalari tayyorlanayotgani ma’lum qilingan.