Finlyandiyalik bloger Tuomas Kataynen o‘zining “Tesla Model S” elektromobilini portlatib yubordi. Bu haqda Vesti xabar bermoqda.

Foto: Google

Mashina bilan xayrlashish tashlandiq joyda “tantanali tarzda”, o‘nlab odamlar ishtirokida bo‘lib o‘tdi. “Tesla” ruliga Ilon Maskning qiyofasidagi qo‘g‘irchoqni o‘tqazib qo‘yishdi.

Kuchli portlash videosi 17-dekabr kuni internetda tarqatildi, biroq 2013-yilda chiqarilgan “Tesla” bilan bog‘liq muammolar Tuomasda ancha oldin paydo bo‘lgandi.

“Tesla”ni sotib olganimdan so‘ng dastlabki 1500 kilometrgacha yaxshi yurdi, ajoyib mashina edi. Keyin esa nuqsonlari chiqishni boshladi”, — dedi Kataynen.

Finlyandiyalik oxiri yurishga yaramay qolgan mashinani evakuatorda rasmiy dilerning ustaxonasiga olib bordi, bu yerda elektrokar bir oycha turgan. Bir oy o‘tgach Tuomasga mashinaning kafolat muddati tugaganini, akkumulyatorlar blogini almashtirish uchun 20 ming yevro to‘lashi kerakligini aytishadi. Bloger shuncha pulni mashina remontiga sarflagandan ko‘ra, birato‘la uning bahridan o‘tib qo‘ya qolishni ma’qul topdi.

Portlatilgan mashinadan bir uyum temir-tersak qoldi, bloger ularni yig‘ib kerakli joyga topshirishga ketdi.