Farg’ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Marg’ilon shahridagi “Mr. fish company” MChJ shaklidagi xorijiy korxonasi muassisi, eronlik ishbilarmon Shafi G’ulom Rizo hamda investor Katayun Behzadini qabul qildi.

Foto: Google

Uchrashuvda korxona tomonidan baliqchilik, gilamchilik, baliq ozuqasi ishlab chiqarish bo’yicha amalga oshirilayotgan loyihalar hamda kelgusi rejalar xususida so’z bordi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov viloyat sektorlari rahbarlari bilan birga Marg’ilon shahridagi o’rganishlar jarayonida shaharning Yo’rmado’z MFY hududidagi sobiq to’qimachilik kombinati binosida faoliyat olib borayotgan “Mr. fish company” korxonasida bo’lib, umumiy 10 gektar maydonda, 6 gektar bino inshootda tashkil etilgan baliqchilik faoliyati bilan tanishar ekan, yetishtirilayotgan baliq hajmi hamda yaratilgan ish o’rinlari obyekt hajmiga nomutanosib ekaniga e’tibor qaratgan.

Shafi G’ulom Rizo viloyat hokimiga korxona hududida Eron startap kompaniyalari ishtirokida texnopark tashkil etish borasida ish olib borilayotganini ma’lum qilgan. Erondagi kichik va o’rta biznesning innovatsion kompaniyalari bu loyihaga katta qiziqish bildirayotganini qayd etgan ishbilarmon, startaplar 500-2500 kvadrat metrdan maydonga joylashtirilishini aytib o’tgan.

Bundan tashqari, bino tomini kuchlantirgan holda, tomda 4 gektarlik gidroponika usulidagi issiqxona ham barpo etishni rejalashtirilayotgani bildirildi. Bunda tejamkor texnologiyalarni qo’llash ustuvorlik kasb etadi, issiqxona quyosh energiyasi bilan isitiladi, baliq yetishtirishda foydalanilgan suv sug’orishga yo’naltiriladi.

Viloyat hokimi esa ushbu loyihalarni ma’qullab, ularni muvaffaqiyatli amalga oshishi uchun har tomonlama qo’llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirgan.

Shafi G’ulom Rizo shuningdek, korxonada o’lchami 30 metr kvadratdan katta bo’lgan ipak gilamlar ishlab chiqarilayotganini va bu xaridorlar va sayyohlarning katta e’tiborini tortayotganini ma’lum qilib, Farg’ona yoki Marg’ilonda doimiy ishlovchi ko’rgazma tashkil etish rejasi ham borligini ta’kidlagan.