Sal avval Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida yer hisobi va davlat kadastrlarini to‘liq shakllantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish o’tkazilishi haqida xabar bergan edik.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda yo‘l, elektr, gaz ta’minoti, suv xo‘jaligi, obodonlashtirish ob’ektlari, ko‘p qavatli uylarga tutash hududlar kadastrida ham ko‘plab muammolar mavjudligi qayd etilgan.

“Bu juda katta va muammoli masala, janob hokim va prokurorlar. Buning orqasida pora va korrupsiya turibdi. Yuqoridagi natijalar yer kadastri sohasida boshlagan ishlarimizning 50 foizi, xolos. Hali oldimizda qilinadigan ishlar ko‘p.

Bir narsani aniq tushunib olish lozim. Biz kelgusi yilda 80 ming gektar paxta va g‘alladan bo‘shagan yerlarni aholiga bo‘lib berishni reja qilganmiz. Agar yerning hisobi, aniq chegarasi bo‘lmasa, bu ishlarni amalga oshirib bo‘lmaydi”, dedi Prezidentimiz.

Qayerda bo‘sh yer borligi to‘g‘risida ham aniq ma’lumot yo‘qligi, bu bilan 30 yil hech kim shug‘ullanmagani qayd etildi. Oqibatda kadastr hujjati bo‘lmagani bois 2 milliondan ziyod oilalar uy-joylarini na kredit garovi sifatida qo‘ya oladi, na uni sota oladi.