Ukrainaning sobiq Prezidenti Pyotr Poroshenko davlatga xiyonat qilishda gumonlanmoqda. Bu haqda Ukraina Davlat tergov byurosi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Google

“Ukrainaning beshinchi Prezidenti davlatga xiyonat va terrorchilik tashkilotlari faoliyatiga yordam berishda gumon qilinmoqda. Davlat tergov byurosi xodimlari Ukraina xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda, Bosh prokuraturaning protsessual rahbarligi ostida, vaqtincha bosib olingan hududlardan ko‘mir yetkazib berish bo‘yicha jinoiy sxemani tashkil etish, (o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan) Lugansk va Donetsk xalq respublikalarida terroristik tashkilotlarga umumiy qiymati 1,5 million grivin miqdorida moddiy ko‘mak berish bo‘yicha jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib bormoqda”, – deyiladi Tergov byurosining xabarida.

Ukraina xavfsizlik xizmati, bosh tergov bo‘limi boshlig‘i Anatoliy Bunichning so‘zlariga ko‘ra, 2014-2015 yillarda Poroshenko o‘z vakolatlaridan foydalangan holda, Moskvaning bosimi ostida Janubiy Afrika Respublikasi bilan Ukrainaga ko‘mir yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarni buzgan holda xomashyoni Donbassdan sotib olgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Ukrainaga qarshi qo‘poruvchilik faoliyatiga urinish, ya’ni “vatanga xiyonat qilishning bir shakli hisoblanadi”.

Bosh prokuratura huzuridagi davlat xavfsizlik organlari faoliyatini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ivan Kislevichga ko‘ra, hozirda ko‘rinish bermayotgan Poroshenkoga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi 23-dekabr kuni ko‘rib chiqiladi.