Bahodir Tursunovich Yusupov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Namangan viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri lavozimiga tayinlandi. Bu haqda O’zA xabar bermoqda.

Foto: Kosonsoy tuman hokimligi axborot xizmati

U mazkur lavozimga Prezident Administratsiyasi rahbarining 2021-yil 18-dekabrdagi farmoyishi bilan tasdiqlangan.

Bahodir Yusupov 1961-yil 16-avgust kuni Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida tavallud topgan. Ma’lumoti oliy, 1982-yili Toshkent politexnika institutini, 1997-yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

Qariyb qirq yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan Bahodir Yusupov xalq xo‘jaligining turli tarmoqlarida samarali mehnat qilgan. Shu jumladan, u 2004-2009 yillarda Chust tumani hokimi, 2010-2015 yillarda Namangan viloyati hokimi, 2016-2017 yillarda Kosonsoy tumani hokimi, 2017-2018 yillarda Respublika fermerlar Kengashi raisi, 2018-2019 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimlarida ish iolib borgan.

2019-yildan hozirga qadar Kosonsoy tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Bahodir Yusupov xalqimiz farovonligi, yurtimiz tinchligi, Vatanimiz ravnaqi yo‘lidagi fidokorona mehnatlari uchun Prezident farmoni bilan “Mehnat shuhrati” va “Do‘stlik” ordenlari bilan taqdirlangan.