Prezidentning tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqoti uchun tashkil etilgan “Call-markaz”ga 1500dan ortiq murojaat kelib tushgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakat tibbiyot xodimlari bilan “O‘zbekiston tibbiyoti — inson qadri uchun” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazishi rejalashtirilmoqda.

Shavkat Mirziyoyevning mamlakat tibbiyot xodimlari bilan “O‘zbekiston tibbiyoti — inson qadri uchun” mavzusida ochiq muloqoti doirasida CSV tomonidan maxsus “Sall-markaz” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. “Call-markaz”ga shu kunga qadar tibbiyot xodimlari va aholi vakillaridan jami 1512 ta murojaat kelib tushgan.

Qayd etilishicha, tibbiyot xodimlari murojaatlarining 783tasi (80 foizi) o‘z yechimini topgan, 190tasi (20 foizi) ijro jarayonida.

Hududlar kesimida eng ko‘p murojaat Toshkent shahri (158ta), Qashqadaryo (100ta) va Farg‘ona (89ta), Andijon (82ta) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 

Ko‘tarilgan masalalarni o‘z vaqtida hal etish va bildirilgan takliflarga kompleks yondashish maqsadida murojaatlar:

  • birlamchi tibbiy yordam, 
  • shoshilinch va tez tibbiy yordam, 
  • ixtisoslashtirilgan markazlar faoliyati, 
  • ilm-fan, 
  • oliy tibbiy ta’lim, 
  • tibbiy-ijtimoiy himoya, 
  • farmatsevtika, 
  • onalik va bolalikni muhofaza qilish, 
  • sanitariya-epidemiologiya xizmati, 
  • xususiy tibbiyot,
  • malaka oshirish,
  • sog‘lom turmush tarzi,
  • yuridik xizmat,
  • o‘rta maxsus tibbiy ta’lim,
  • davlat-xususiy sherikchilik kabi qator yo‘nalishlarga ajratilgan. 

Misol uchun, shu paytgacha yo‘llangan murojaatlarning 297tasi sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘iniga, 109tasi tez tibbiy yordam xizmatiga, 95 tasi ixtisoslashgan markazlar faoliyatiga, 74tasi ilm-fan yo‘nalishiga daxldor. 

Vazirlik murojaatlarning aksariyati “Call-markaz”ga biriktirilgan mutaxassislar  tomonidan hal qilinsa, bir qismi tibbiyot xodimlari bilan bo‘ladigan ochiq muloqotda  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazilishini eslatib o‘tgan.