Filippinning markaziy va janubiy provinsiyalariga yopirilgan “Rai” to‘foni qurbonlari soni 208 nafargacha oshdi. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, qurbonlarning aksariyati Sebu va Bohol orollarida halok bo‘lgan.

Foto: Channel New Asia

Mamlakatning favqulodda vaziyatlar bo‘yicha milliy agentligi orollarga yetkazilgan zararni baholashda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Bu elektr ta’minotidagi uzilishlar, infratuzilmaga zarar yetgani bilan bog‘langan.   

Hukumat tabiiy ofatdan jabrlangan hududlarga suv, oziq-ovqat, chodirlar va boshqa zarur buyumlarni yetkazish uchun 2 mlrd. peso (40 mln. dollar) ajratishini ma’lum qilgan.

Filippin prezidentining vakili Karlo Nograles to‘fon kelishi oldidan 332 ming kishi evakuatsiya qilinganini ma’lum qilgan.

Filippinga har yili 20ga yaqin to‘fon va shtorm yopiriladi. Bundan tashqari, mamlakat Tinch okeanidagi vulqonlar “olovli halqasi”da joylashgani sabab unda ko‘plab tabiiy ofatlar yuz berib turadi.

Avvalroq, qurbonlar soni 100dan oshgani ma’lum qilingandi.