Andijon viloyatida bir oy davomida ertalab va kechqurun bir soatdan piyoda yurgan mahalla aholisi Samarqand va Buxoroga, uch oy davomida shu ishlarni tashkil etgan mahalla raislari va xodimlarini yurishga majburlagan tashkilot rahbarlari esa Dubayga sayohatga yuboriladi.

Foto: Google

Bu haqda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov xalq deputatlari viloyat kengashining 30-sessiyasida aytib o’tgan

Shuhrat Abdurahmonov viloyatda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, aholini ommaviy sportga keng jalb etish, sport bilan shug‘ullanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, sport infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini bildirib, 14-dekabrdan—14-yanvarga qadar viloyatda “Salomatlik oyligi” o‘tkazilayotganini ta’kidlagan.

Andijonda aholini ovqatlanish va sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish maqsadida yangi tajriba yo‘lga qo‘yilganini aytib, har kuni ertalab va kechqurunda bir soatdan piyoda yurganlarni sayohatlarga yuborishini ma’lum qilgan.

“Bitta mahallada besh yuzta xonadondan hech bo‘lmasa bittadan chiqib bir oy ertalab va kechqurun bir soatdan piyoda yursa, o‘sha mahalladagilarni barchasini Samarqand va Buxoroga sayohatga yuboraman. Agarda mahalla raisi, profilaktika inspektori va ularning atrofidagilar uch oy davomida xonadonlardagi fuqarolarni piyoda yurishga jalb etishni tashkillashtirib bersa, ularni Dubayga yuboraman.

Bundan tashqari, uzluksiz ravishda ertalab va kechqurun xodimlari bilan birga piyoda yurishni tashkil qilgan tashkilot rahbarlarini ham Dubayga jo‘natvoraman. Qancha pul ketsa ham mayli. Maqsad odamlarni yurgazish. Bundan ortiq boshqa nima qilish kerak?”, — degan Abdurahmonov.

Viloyat hokimi aholining kasal bo‘lishini oldini olish maqsadida o‘z salomatligi yoki va’da qilinayotgan mukofot uchun piyoda yurishni istamaganlarni majburlab bo‘lsa-da, yurishini yo‘lga qo‘yishini aytgan.

“Endokrin, yurak qon-tomir va boshqa kasalliklarning kelib chiqishi ikkita narsaga — kamharakatlik va noto‘g‘ri ovqatlanishga bog‘liq. Kamharakatlik bo‘yicha qayga borsam gapirayapman. Oldinlari bitta kanaldan ikkinchi kanalga olish uchun televizor oldiga borardik. Hozir yotgan yerimizda hamma narsani boshqaryapmiz. Ko‘chaga chiqib qo‘lingizni cho‘ntagingizga solib chiqarib qo‘ysangiz mashina to‘xtayapti. Bir qadam yurmayapti. Men bularni gapirishga majburman.

Prezidentimizga “Andijonliklar hammamiz yuramiz”, deb va’da berganman. Yana bir bor aytaman, avvalambor, o‘zingning salomatliging uchun yur, uning uchun yurmasang, beradigan rag‘batim, mukofot uchun yur. Unda ham bo‘lmasa, uyingga borib, majburlab, yetaklab olib chiqishga majbur bo‘laman. Bo‘lmasa boshqa ilojimiz yo‘q. Ertaga kasal bo‘lgandan keyin million-million sarflagandan ko‘ra, kasal bo‘lishning oldini olib qo‘yaylik. Shunga million sarflab qo‘ya qolaylik, degan hisob-kitob bilan gapiryapman. Yoqadimi-yoqmaydimi, qattiq-qattiq gapirishga majburman. Kelinglar, hammamiz bir bo‘lib, shunga harakat qilaylik. Ertalab va kechqurunda bir soatdan piyoda yuraylik, ovqatlanishni tartibga solaylik”, — deya qo’shimcha qilgan hokim.

Avvalroq, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ortiqcha vazndan xalos bo‘lgan amaldor va fuqarolarga har bir kilosi uchun 500 ming so‘mdan pul to‘lanishini aytgandi.