Respublika Gidrometeorologiya xizmati O‘zbekistonning ayrim hududlarida chang bo‘ronlari va g‘ubor bo‘lishidan ogohlantirdi. 

Foto: Daryo

Aytilishicha, 21-dekabrida O‘zbekiston hududlarida kutilayotgan kuchli shamollar hamda Turkmaniston Respublikasi chegara hududlaridan changli bo‘ronlar kirib kelishi kutilayotganligi tufayli Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida va respublikaning cho‘l hududlarida chang bo‘ron va g‘uborlar kuzatilishi mumkin.

Bugun kunduz kuni respublikaning katta qismida iliq va quruq ob-havo kuzatiladi, faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yomg‘ir yog‘adi. Havo harorati 10-15° iliq bo‘ladi.

21-dekabrda respublika hududining katta qismida ob-havo sharoiti saqlanib turadi, faqat shimoliy hududlarga kunduz kuni va janubi-g‘arbiy hududlarga kechga tomon Kavkaz hududlaridan antisiklon kirib kelishi boshlanadi, ushbu hududlarning ba’zi joylarida yomg‘ir yog‘adi. Havo harorati kechasi 0-5° iliq atrofida bo‘ladi, kunduz kuni 15-18° iliqqacha ko‘tariladi, shimolda 7-12° iliqdan yuqori bo‘lmaydi.

22-dekabrda kirib kelish sharqqa tomon siljiydi, hududning katta qismida kechasi va ertalab yomg‘ir yog‘adi. Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik yomg‘ir va qor ko‘rinishida bo‘ladi, ba’zi joylarda kuchli bo‘lishi mumkin. Shimoliy va shimoli-g‘arbiy hududlarda yomg‘ir to‘xtaydi. Havo harorati kechasi 4-9° iliq, kunduzi 10-15° iliq bo‘ladi.

21-22 dekabrda sovuq havo kirib kelishida respublika bo‘yicha shamol 17-22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, Buxoro, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlarida ba’zi joylarda 25-28 m/s gacha kuchayishi mumkin.

23-24 dekabrda hududlarning katta qismida quruq va nisbatan iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat respublikaning shimolida ob-havo sharoiti yana o‘zgaradi, ushbu hududlarga Volga bo‘yi hududlaridan antisiklon kirib keladi. Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda qorga aylanadi. Havo harorati kechalari 0-5° iliq, kunduzi 23-dekabrda 8-13° iliq atrofida bo‘ladi, 24-dekabrda respublika bo‘yicha 5-10° iliqni tashkil etadi, shimolda esa 0-5° iliqgacha pasayadi.

Hafta davomida respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin.

Avvalroq, 21-22-dekabrida O‘zbekiston hududiga Kaspiy dengizi orqali Kavkaz hududlaridan nam va sovuq havo oqimlari kirib kelishi kutilayotgani haqida xabar bergan edik.