Britaniyaning Vodafone mobil aloqa operatori tarixdagi birinchi SMS-xabarni sotuvga qo‘yishga qaror qildi.

Foto: Gazeta

Qisqagina “Merry Christmas” (Rojdestvo muborak) yozuvidan iborat bo‘lgan SMS-xabar 225 ming dollar boshlang‘ich narx bilan auksionda sotiladi.

Bu maqsadda “Merry Christmas” yozuvli “kommyunike” deb nomlangan NFT-token yaratildi.

Birinchi SMS-xabar 1992-yil 3-dekabrda Vodafone buyurtmasi bo‘yicha turli dasturlar ishlab chiqqan Sema Group Telecoms kompaniyasi xodimi Nil Papuort tomonidan Vodafone direktori Richard Jarvisning mobil telefoniga jo‘natilgan. O‘shanda aynan Papuort Short Message Service’ni (SMS, qisqa xabarlar xizmati) ishlab chiqish bilan shug‘ullangan.

Auksion Rojdestvo bayrami arafasida, 21-dekabrda o‘tkaziladi. Kimoshdi savdosidan tushgan pullar BMTning qochqinlar ishlari bo‘yicha komissariatiga xayriya qilinadi.

“Deyarli 30 yil avval yuborilgan ushbu xabar mobil texnologiyalar tarixida buriluvchi on bo‘lgan. Vodafone orqali birinchi SMS yuborilgandan 7 yil o‘tib, ya’ni 1999 yilda bir nechta tarmoqlar orqali matnli xabar yuborish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu ularning qo‘llanishini jadallashtirdi va ommaviylashtirdi”, deb ta’kidlab o‘tgan Vodafone bosh direktori Xannes Ametsrayter.