Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahri Alisher Navoiy ko‘chasiga o‘rnatilayotgan Yangi yil archasi tabiiy archalardan kesib olib ko‘tarilayotgani aks etgan videolavha tarqaldi. Shahar hokimligi ushbu holatga munosabat bildirdi.

Foto: Skrinshot

Ma’lum qilinishicha, shahardagi o‘rnatib bo‘lingan va o‘rnatilayotgan Yangi yil archalari betartiblashib qolgan tabiiy archalarning butalgan shox-shabbalar yordamida ko‘tarilmoqda.

Biroq videotasvirdagi holatda Samarqand shahar hokimligi obodonlashtirish boshqarmasining Bog‘ishamol uchastkasi xodimi o‘zboshimchalik bilan Alisher Navoiy ko‘chasidagi archaning yuqori qismi uchun shu atrofdagi sog‘lom archa shoxlarini kesib olib, ishni oxiriga yetkazib qo‘yishga uringan.

“Mazkur xodimga nisbatan bu kabi xatti-harakati uchun tegishli tartibda chora ko‘rilishini eslatib o‘tamiz”, — deyiladi xabar so’ngida.

Qayd etilishicha, ushbu holatdan boshqarma boshlig‘i va boshqa rahbarlarning xabari ham bo‘lmagan.