Oʻzbekiston 2022-yil bahorida transafgʻon temiryoʻli qurilishini boshlaydi, deb xabar bermoqda Sputnik Afgʻoniston.

Footo: Google

Islomobodda Oʻzbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov Afgʻoniston muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiyga respublika transafgʻon temiryoʻli qurilishi boʻyicha ishlarni bahorda boshlashiga vaʼda bergan.

Shu bilan birga, Muttaqiy Oʻzbekiston prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatulla Ergashevning Toshkentga tashrif buyurish taklifini qabul qilgan.

Joriy yil 6-7 dekabr kunlari Toshkentda “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yoʻlini loyihalashtirish va qurish boʻyicha uch tomonlama (Oʻzbekiston, Afgʻoniston, Pokiston) va koʻp tomonlama (Oʻzbekiston, Rossiya, Qozogʻiston, Afgʻoniston, Pokiston) muzokaralar boʻlib oʻtgan edi.

Bu transport yoʻlagi Rossiya, Yevropani Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Hindinston va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari bilan bogʻlashi kerak.