Koronavirus “omikron” shtammining yana bir noodatiy belgilaridan biri ishtaha yo‘qolishi hisoblanadi. Bu haqda “Express” xabar berdi.

Foto: RIA Novosti

Ta’kidlanishicha, koronavirusning eng keng tarqalgan belgilarini kuzatuvchi “ZOE Covid Symptom” ilovasi ma’lumotlariga asoslanib, olimlar “omikron” shtamiga xos belgilar ro‘yxatini tuzdi.

Unga ko‘ra, bemorlar ko‘pincha burun oqishi, charchoqning kuchayishi, tez-tez aksirish, tomoq og‘rig‘i va bosh og‘rig‘idan shikoyat qilishi ma’lum bo‘lgan.

“Shu bilan birga, juda kam sonli bemorlarda ishtaha yo‘qolishi qayd etilgan”, – deyiladi xabarda.

Avvalroq yangi shtamm ortidan Londonda favqulodda holat joriy etilgani, shuningdek, Parijda ham aynan shu shtamm tufayli Yangi yil bayramlari bekor qilingani xabar berilgandi.

Hozirga kelib “Omikron” shtammi qayd etilgan mamlakatlar soni 89 taga yetdi.

Koronavirusning yangi “omikron” shtammi birinchi marta 11-noyabr kuni Janubiy Afrikada topilgan. Yapon olimlarning ta’kidlashicha, yangi shtamm tarqalish tezligi tufayli avvalgilariga, jumladan, “delta”ga qaraganda xavfliroq bo‘lishi mumkin.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mavjud vaksinalar ushbu shtammga qarshi samarasiz bo‘lishi mumkin, degan shubhalar tufayli “omikron”ni xavfli deb tan oldi. Tashkilot, shuningdek, ilgari koronavirusni boshdan o‘tkazganlarda “omikron” bilan qayta kasallanish ehtimoli yuqoriligini ma’lum qilgan.