Xitoy yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha 2033-yilda AQShni quvib o‘tadi, biroq Qo‘shma Shtatlar 2050-yilga kelib birinchilikni yana qaytarib olishi mumkin. Bu haqda Yaponiyaning Nikkei gazetasida e’lon qilingan maqolada so‘z boradi.

Foto: Regnum

Qayd etilishicha, ushbu prognoz Yaponiyada yetakchi hisoblangan Iqtisodiy tadqiqotlar markazi ekspertlari tomonidan tayyorlangan.

O‘tgan yil dekabr oyida ham ekspertlar xuddi shunday prognozni e’lon qilgan edi, biroq o‘shanda Xitoy YaIM hajmi bo‘yicha AQShni 2028-yilda qo‘vib o‘tadi, deyilgandi. Bu galgi prognozga ular biroz o‘zgartirish kiritdi.

Bunda ular Xitoydagi ishlab chiqarish samaradorligi pasayganini hamda aholi sonini qisqartirish bo‘yicha olib borilgan siyosat oqibatlari ortayotganini hisobga olishgani aytiladi. Ahvol shunday davom etsa, Xitoyda tez orada mehnat resurlari tanqisligi kuzatilishi mumkin. 

Xususan, markaz ekspertlarining fikricha, joriy yilda Xitoyda tug‘ilish soni bo‘yicha respublikaga asos solingandan buyon eng kam ko‘rsatkich qayd etildi. Aholining keksayishi ijtimoiy sohalarga ko‘p mablag‘ sarf qilishni talab qiladi. Bu esa Pekinning yuqori texnologiyali sanoatni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlar imkoniyatini qisqartiradi, deydi yaponiyalik mutaxassislar.

O‘tgan yilgi xulosalarga o‘zgartirish kiritishning yana bir sababi sifatida ekspertlar prezident Jo Bayden ma’muriyati tomonidan olib borilayotgan iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash siyosatini ko‘rsatishmoqda. Oq uy olib borayotgan siyosat natijasida AQShda iqtisodiy o‘sish faollashi kutilmoqda.

Yangi hisob-kitoblarga ko‘ra, 2038-yilga kelib Xitoyning yalpi ichki mahsuloti hajmi AQShnikiga qaraganda 5 foizga ko‘p bo‘ladi. Lekin 2040-yillarga kelib ushbu tafovut qisqara boshlaydi va 2050-yillarda AQSh yana birinchi o‘ringa chiqadi. 

Yaponiyaning iqtisodiy tadqiqotlar markazi 1958-yilda iqtisodiy mavzularni yoritadigan “Nikkey” gazetasi qoshida tashkil etilgan edi. So‘ngra u kengaydi, tadqiqot ishlarida yirik korporatsiyalar va davlat tuzilmalari ekspertlari ham ishtirok eta boshladi. 2010-yilda Yaponiya hukumati jamoatning muhim yuridik shaxsi sifatida markazga alohida yuridik maqom berdi.