Vazirlar Mahkamasining “Toshkent metropolitenidan foydalanish qoidalarini hamda Toshkent metropoliteni faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Foto: Transport vazirligi

Toshkent metropolitenidan foydalanish qoidalariga ko‘ra, barcha yo‘lovchilarga xizmatlar ko‘rsatishda bir xil xizmat ko‘rsatish va to‘lovlar shartlari qo‘llaniladi.

Ayrim toifadagi fuqarolarga qonun hujjatlariga binoan tashish va to‘lov usulining boshqa shartlari taqdim etilishi mumkin (talabalar, pensionerlar, imtiyozlilar nazarda tutilgan).

Metropolitenda yo‘lovchi va uning qo‘l yukini tashish shartnomasi tuzilganligi yo‘l chiptasi bilan tasdiqlanadi.

Metropoliten ish boshlash va tugash vaqti Toshkent shahar hokimiyati va Transport vazirligi tomonidan o‘rnatiladi. Istisno tariqasida metropoliten boshlig‘i Transport vazirligi kelishilgan holda o‘zgartirishi mumkin.

Metropoliten ish vaqtlari to‘g‘risida har bir bekatning kirish eshiklari oldida ma’lumot beriladi. Yo‘lovchining qo‘l yuki uchun 2 barobar tarifda to‘lovlar amalga oshiriladi.

Metropolitenning barcha hududlarida quyidagilar taqiqlanadi:

  • parapetlar, to‘siqlar ustiga chiqish, shuningdek, ular ustidan sakrab (oshib) o‘tish;
  • spirtli ichimliklar, psixotrop va giyohvand vositalarni iste’mol qilish, mast holda kirish;
  • chekish va qizdiriladigan tamaki, elektron sigaretalarni iste’mol qilish vositalaridan foydalanish;
  • metropoliten hududida va vagonlarda ochiq olov, pirotexnika vositalaridan (feyyerverklar, petardalar va boshqalar) foydalanish;
  • metropoliten hududida poyabzalsiz va kiyimsiz holda bo‘lish;
  • bekatga iflos, badbo‘y kiyim va poyabzalda, shuningdek, yo‘lovchilarning kiyimlarini, metropoliten vagonlarini, inshootlari va qurilmalarini iflos qilishi mumkin bo‘lgan yuklar (velosiped, moped, skuter va boshqalar) bilan kirish;
  • metropoliten rahbariyatining ruxsatisiz bekatlarga teatr, ertak qahramonlari kiyimlarida va shou-tomosha niqoblarida kirish;
  • metropoliten bekatlari va harakat tarkibi vagonlarida boshqa yo‘lovchilarning kiyimlarini iflos qilishi mumkin bo‘lgan muzqaymoq va boshqa oziq-ovqatlarni iste’mol qilish;
  • yonuvchan gazlar bilan to‘ldirilgan sharlar bilan bekatga kirish;
  • bekat va uning hududida, bekatga tutashgan yerosti o‘tish yo‘laklarida samokatlar, rolikli konkilar, mototsikl, skuter, velosiped, skeyt, barcha turdagi g‘ildirakli sport anjomlari va boshqa shu kabi vositalarda harakatlanish (nogironlar aravachalari bundan mustasno), uchuvchisiz uchish vositalaridan (dron) foydalanish;
  • bekat hududida, vagonlarda akrobatik va sport mashqlarni bajarish, har xil turdagi to‘plarni o‘ynash;
  • metropoliten rahbariyatining yozma ravishdagi ruxsatisiz, xizmat ko‘rsatish (texnik) xonalarida bekatlar va obektlarda professional video va foto (uchuvchisiz uchish vositalari yordamida), suratga olish, shuningdek, “Prank” shaklida videolarni suratga olish;
  • bekatdagi poyezd yo‘llariga tushish, texnologik xonalar va tunnellarga kirish, vagonlar tomiga chiqish va yurish, vagonlar orasiga va poyezdlarning boshqa qismlariga chiqish, mashinistlar kabinalariga kirish;
  • metropoliten obektlariga, devor (panjara) bilan o‘ralgan va ishlab chiqarish hududlariga ruxsatsiz kirish;
  • vagonlarning o‘rindiqlariga bolalarni poyabzali bilan qo‘yish va yuklarni joylashtirish;
  • vagonlarning harakatlanish va to‘xtash vaqtida eshiklarini ochish, bekatlarda ularning ochilishiga yoki yopilishiga xalaqit berish, derazalardan boshni chiqarish, begona narsalar va chiqindilarni tashlash;
  • “Yo‘lovchi – Mashinist” aloqasidan, eskalator balyustradasidagi “To‘xtatish” yozuvli dastagidan zaruratsiz foydalanish;
  • poyezdlar harakatiga to‘sqinlik qiladigan buyumlarni tashlash;
  • uskunalar va me’moriy-badiiy bezaklarning qismlariga zarar yetkazish, vestibyullar va xizmat xonalarining oynalarini ifloslantirish, shuningdek, vagonlarga va metropoliten infratuzilmasi obektlariga zarar yetkazish;
  • metropoliten harakat tarkibi vagonlarining tashqi va ichki yuzalariga, shuningdek metropoliten qurilmalari va inshootlariga yozuvlar, stikerlar, rasmlar, axborot va reklama materiallarini metropoliten rahbariyati bilan kelishmasdan (shartnoma) joylashtirish;
  • metropoliten bilan tegishli shartnoma tuzmasdan metro bekatlari va vagonlar maydonidan tijorat, reklama va boshqa faoliyat uchun foydalanish, shuningdek, noqonuniy savdoni amalga oshirish;
  • fuqarolarga tilanchilik, folbinlik va biron narsani olish yoki sotishni taklif etish maqsadida yo‘lini to‘sish va tegajog‘lik qilish;
  • metropoliten rahbariyatining yozma ruxsatisiz vagonlarda va metropoliten inshootlarida musiqa asboblari va ovozni kuchaytiruvchi qurilmalardan foydalanish (eshitish apparatlari va quloqchinlardan (naushnik) foydalanish bundan mustasno);
  • metropoliten rahbariyatining yozma ruxsatisiz madaniy, sport, ko‘ngilochar, siyosiy, diniy va boshqa tadbirlarni o‘tkazish;
  • metropoliten faoliyatiga to‘sqinlik qiladigan noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etish yoki ularni amalga oshirish uchun tayyorgarlik ko‘rishni taqlid qiluvchi harakatlarga yo‘l qo‘yish, shu jumladan, yo‘lovchilarning xavfsizligiga xavf soladigan holatlar yoki harakatlar to‘g‘risida bila turib yolg‘on xabarlarni tarqatish;
  • yonuvchan, portlovchi, zaharlovchi va zaharli moddalar, buyumlar, maishiy gaz ballonlari, aerozol, o‘qotar qurollar, sanchiluvchi, kesuvchi va oson sinuvchi narsalarni, chang‘i va konkilarni g‘ilofsiz olib yurish;
  • metropoliten inshootlaridan, shu jumladan, shamollatish kioskalaridan 25 metrdan kam masofada chiqindilarni yoqish, gulxanlar tashkil etish;
  • birlamchi o‘t o‘chirish vositalarini va yong‘inga qarshi vositalarni (o‘t o‘chirgichlar, o‘t o‘chirish shlanglari, stvollar va boshqalar) o‘rnatilgan joylaridan olish va zaruratsiz foydalanish;
  • bekatdagi taqiqlangan sariq chiziqdan o‘tish;
  • eskalatorlar ishlashiga to‘sqinlik qiladigan harakatlarni amalga oshirish, ularga o‘tirish va yuk qo‘yish.