Oʻzbekistonning eng janubiy nuqtasi, Termiz shahri Afgʻonistonga gumanitar yordam berish uchun muhim transport-logistik nuqta deb tasdiqlandi. Bu haqida AOKAda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida BMT Qochoqlar ishi boʻyicha Oliy komissarining katta maslahatchisi Frank Remus maʼlum qildi.

Foto: Sputnik

“Biz Afgʻoniston atrofida gumanitar yordam joʻnatish joylarini tashkil qilganmiz. Ana shunday joylardan Eronda, Pokistonda bor. Bizga shimol tomondan joy yetishmayotgan edi. Ushbu nuqtai nazardan Termiz juda qulay joylashgan. BMT bu borada hamkorlik qilish haqida qaror qabul qildi. Termiz – bu vaqtinchalik emas strategik, yaʼni uzoq muddatli qaror. Biz Termiz orqali hali koʻp marotaba hamkorlik qilamiz”, – degan Frank Remus.

Shuningdek BMT vakili Termiz orqali Afgʻonistonga ikkita yuk mashinasida gumanitar yordam joʻnatilganini maʼlum qilgan. Ularning aksariyati oshxona idishlari va plastik qoplamalar(listlar). Bular birinchi navbatda Afgʻonistonning ichki qochoqlari uchun moʻljallangan. Bugungi kunda u yerda oʻz uyini tashlab ketib qochoqlar lagerlarida yashayotganlar soni 3,5 millionga yaqin.

“Oldinda qish, lekin bizning Mozori sharifdagi omborxonalarimz boʻshab qolgan. Shu sababli biz yanvarda koʻproq yuk joʻnatishimiz kerak”, – deya so’zlarini yakun qilgan Remus.