O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Seul shahrida Koreya Respublikasining yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tadbirda Koreya Respublikasi savdo, sanoat va energetika vaziri Mun Sin Uk, Koreya xalqaro savdo uyushmasi raisi Kristofer Ku, Koreya Eksimbanki, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), «SK Ecoplant», «Posco», «Samsung», «SK Nexilis», «Youngone», «KIA Motors», «K-water», «KT-Net» va ko‘plab boshqa kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Xorijiy tashriflar chog‘ida bunday uchrashuvlar o‘tkazish yaxshi an’anaga aylangan. Xususan, O‘zbekiston Prezidenti 2017-yilda Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida yirik biznes-forum o‘tkazilgan edi. 2019-yilda esa davlat rahbarlari Toshkentdagi qo‘shma biznes-forumda ishtirok etdilar.

Ushbu tadbirlar natijasida ishbilarmonlar o‘rtasida ishonch kuchaydi, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklik faollashdi. Mamlakatimiz iqtisodiyotining barcha sohalariga bozor mexanizmlarini joriy qilish borasidagi jiddiy yangilanishlar amalga oshirilayotgani ham hamkorlikning kengayishiga xizmat qilmoqda. Birgalikda biznes yuritishga halal bergan to‘siqlar bartaraf etildi.

Mamlakatimizda boshlangan o‘zgarishlar ortga qaytmaydi, – degan Shavkat Mirziyoyev. – Yangi O‘zbekiston strategiyasida mamlakatimizda tadbirkorlar uchun eng qulay sharoitlar yaratish, xorijiy biznes faoliyatini kengaytirish ishlarini davom ettirish ko‘zda tutilgan. O‘zbekistonning ishonchli do‘sti va alohida strategik sherigi – Koreya Respublikasi bilan barqaror, ishonchga asoslangan va jadal rivojlanib borayotgan hamkorlikni qadrlaymiz.

Ikki davlat o‘rtasida, shu jumladan savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida tizimli aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Maxsus ishchi guruh faoliyat yuritmoqda. O‘zbekiston Investitsiya va tashqi savdo vazirligida Koreya Respublikasi bilan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun mas’ul alohida departament tuzilgan.

Bunday e’tibor va tizimli ishlar natijasida ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar misli ko‘rilmagan yuqori darajaga ko‘tarildi. Tovar ayirboshlash ikki barobarga ortib, 2,2 milliard dollarni tashkil etdi. O‘zbekiston iqtisodiyotida Koreyadan yo‘naltirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi 7 milliard dollardan oshdi.

Keyingi besh yilda mamlakatimizda Koreya sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni ikki barobar ko‘paydi. Bugun ular mingtadan ortiq. Koreyalik kompaniyalar bilan birgalikda O‘zbekistonda umumiy qiymati 9 milliard dollardan ziyod 52 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari Koreya kompaniyalarini birgalikda yangi, keng ko‘lamli tashabbuslarni ishlab chiqishga chaqirdi.

Janubiy Koreya ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekistonda faol tadbirkorlik uchun yaratilgan sharoitlarni yuksak baholadi va investitsion hamkorlikni rivojlantirishga katta qiziqish bildirdi.

Uchrashuvda Koreya kompaniyalari bilan hamkorlikda raqamlashtirish, “yashil” energetika, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik sanoati, farmatsevtika, geologiya sohalari va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda umumiy qiymati 5 milliard dollardan ortiq 40 ta yangi loyihani amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu rejalarni ma’qullab, mutasaddilarga aniq muddatlarini belgilagan holda tegishli “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va qabul qilishga topshiriq berdi.

– Bosh maqsadimiz – Koreya biznesi O‘zbekistonda qulay sharoitlar va ishonchli muhitni his etib faoliyat yuritsin, – degan Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz Koreya kompaniyalari rahbarlarini O‘zbekistonga kelish va u yerda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlardan foydalanishga taklif etdi.

Shu bilan O‘zbekiston Prezidentining Koreya Respublikasiga davlat tashrifi yakuniga yetdi.