Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida o‘ziga tegishli bo‘lgan, lekin sotish huquqiga ega bo‘lmagan yer maydonini sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Samarqand viloyati IIB axborot xizmati

Ma’lum bo‘lishicha, shu yilning 12-dekabr kuni soat 13:30lar atrofida Samarqandda yashovchi Sh.B. sotish xuquqiga ega bo‘lmay turib, o‘ziga tegishli 50 sotix yer maydonini 34 ming AQSh dollariga mahalliy fuqaroga sotishga kelishib, undan 10 ming dollarni olgan vaqtda IIB bo‘limi va DXX xodimlari tomonidan qo‘lga tushdi.

Aniqlanishicha, ushbu pulning 3 ming dollarini Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Davlat kadastrlar palatasi Bulung‘ur tumani filialining yuqori lavozimida ishlovchi xodimi ushbu yer maydonini tegishli kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga talab qilgan.

Shundan so‘ng, ushbu kadastr xodimi 3 ming dollarni o‘z xizmat avtomashinasida olgan vaqtda tezkor xodimlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Hozirda yuqoridagi holatlar bo‘yicha JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.