Dehqonobod tumanida yashagan 51 yoshli erkak shar’iy nikohdagi ikkinchi xotinining 15 yoshli o‘g‘li tomonidan pichoqlab o‘ldirildi. Bu haqda viloyat IIB boshlig‘i Shuhrat Sotvoldiyev rahbarligida Dehqonobod tumanida bo‘lib o‘tgan jinoyat muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Foto: AP Photo

Voqeadan bir necha soat oldin marhum erkak shar’iy nikohdagi rafiqasi bilan birga mahalliy kafelardan birida spirtli ichimlik ichgan. Uyga qaytib kelgach, ular o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Bu vaqtda erkak ayolga pichoq bilan tahdid qila boshlagan. Voqea kech soat 23:55larda sodir bo‘lgan.

Bo‘lib o‘tgan holatni kuzatib turgan 15 yoshli o‘smir pichoqni qo‘liga olib, o‘zini va onasini himoya qilmoqchi bo‘lib, erkakni bir necha marotaba pichoqlagan. Jabrlanuvchi olgan tan jarohatlari oqibatida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Dehqonobod tuman prokuraturasi tomonidan voyaga yetmagan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 100-moddasi (Zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib, qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Jinoyat protssessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Eslatib o’tamiz, avvalroq xuddi shu viloyatda ayol mast erini pichoqlab o’ldirgani haqida xabar bergan edik.