Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti “omikron” shtammi dunyoning 89 mamlakatida aniqlangani haqida xabar berdi.

Foto: RIA Novosti

“2021-yilning 16-dekabriga kelib, “omikron” JSSTning olti mintaqasidagi 89 mamlakatda aniqlandi”, — deyiladi bayonotda.

“Omikron” “delta” shtammiga qaraganda ancha tez tarqalyapti, yangi shtamm qayd etilgan mamlakatlardagi ma’lumotlar ham buni tasdiqlaydi.

Qayd etilishicha, kasallanish holatlari bir yarim-uch kunda ikki hissaga ko‘paymoqda.

E’tiborli jihati, yangi shtamm ommaviy immunitet yuqori darajada shakllangan mamlakatlarda tez tarqalyapti, ushbu holat sababi hozircha noma’lum.

Koronavirusning yangi “omikron” shtammi birinchi marta 11-noyabr kuni Janubiy Afrikada topilgan. Yapon olimlarning ta’kidlashicha, yangi shtamm tarqalish tezligi tufayli avvalgilariga, jumladan, “delta”ga qaraganda xavfliroq bo‘lishi mumkin.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mavjud vaksinalar ushbu shtammga qarshi samarasiz bo‘lishi mumkin, degan shubhalar tufayli “omikron”ni xavfli deb tan oldi. Tashkilot, shuningdek, ilgari koronavirusni boshdan o‘tkazganlarda “omikron” bilan qayta kasallanish ehtimoli yuqoriligini ma’lum qilgan.