Pokiston xalqaro maydonda Tolibon hukmronligi ostidagi Afg’onistonga yordam ko’rsatish borasida sa’y-harakatlarini kuchaytirmoqda.

Ertaga Pokiston poytaxti Islomobodda Islom hamkorlik tashkiloti tashqi ishlar vazirlari Kengashining 17-navbatdan tashqari yig’ilishi bo’lib o’tadi.

41-yildan buyon ilk marotaba o’tkaziladigan yig’ilishda, musulmon o’lkalarning Afg’onistonga yordam berishning yangi yo’llarini topish maqsad qilingani ochiqlandi.

Ushbu bir kunlik uchrashuvda AQSh, Xitoy, Rossiya va Yevropa Ittifoqining maxsus vakillari ham ishtirok etadi.

Joriy yilning yozida Afg’onistonda hokimiyatni qo’lga kiritgan Tolibon xalqaro sanksiyalar ostida qolib ketdi. Shu sababdan ham mamlakatda moliyaviy qiyinchiliklardan tashqari oziq-ovqat va tibbiyot anjomlari yetishmasligi ham kuzatilmoqda.

Pokiston tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qureyshining aytishicha, yig’ilishda Tolibon ma’muriyati vakillari ham ishtirok etadi. Vazir Qureyshi, uchrashuv va o’rnatilgan munosabatlar Tolibonni rasman tan olinishini anglatmasligini qo’shimcha qilgan.