2021-yil 14-dekabr kuni taniqli olima, jamoat arbobi Svetlana Rashidova 70 yoshida vafot etdi. Bu haqida Facebook’dagi “Tashkent Retrospective” guruhida xabar berildi.

Foto: Facebook / Tashkent Retrospective

Svetlana Rashidova 1952-yil 1-martda Toshkent shahrida O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidovich Rashidov oilasida tug‘ilgan va Rashidovlar oilasining eng kichik farzandi bo‘lgan.

U Toshkent davlat universitetining roman-german fakultetini tamomlagan. Moskva davlat universitetida chet el adabiyoti fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Toshkent davlat universitetining roman-german fakultetida dotsent lavozimida ishlagan.

Svetlana Rashidova 1971-yilda Alisher Vasitovich Vohidovga turmushga chiqadi. Keyinchalik turmush o‘rtog‘i bilan birga Nyu-Yorkka jo‘nab ketadi. U 1994-yilda O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili vazifasini bajaruvchi, 1997–2008-yillarda esa O‘zbekistonning BMTdagi elchisi va doimiy vakili lavozimida ishladi.

Ma’lum bo’lishicha, Svetlana Rashidova O‘zbekistonda dafn etiladi.