Prezident qarori loyihasiga ko’ra, tadbirkorlar 24/7 rejimida valyuta ayirboshlash xizmatlarini ko’rsatishlari mumkin bo’ladi.

Foto: Sputnik

Prezidentning “raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko’rsatadigan to’siqlarni bartaraf etish va tadbirkorlik faoliyati yo’nalishlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori loyihasi muhokamaga qo’yildi.

Loyihada xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, norasmiy valyuta operasiyalari vujudga kelishining oldini olish, shuningdek, xizmatlarni uzluksiz ravishda (24/7 rejimda) ko’rsatish imkonini yaratish maqsadida xususiy tadbirkorlarga valyuta ayirboshlash xizmatlarini ko’rsatishga ruxsat berish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, moliyaviy xizmatlar ko’rsatish bilan shug’ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga kredit uyushmasi xizmatlar bozoriga kirish imkoniyatlarini yaratish ko’zda tutilgan.

Bundan tashqari, teng raqobat sharoitini yaratish maqsadida xususiy tibbiyot muassasalariga haydovchilarni va haydovchilikka nomzodlarni tibbiy ko’rikdan o’tkazish faoliyati bilan shug’ullanishga ruxsat beriladi.

Muhokama 31-dekabrga qadar davom etadi.