Ushbu masala O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligida Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari hamda “PIA” aviakompaniyasi rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda muhokama etildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Foto: Transport vazirligi

Uchrashuv davomida har ikki tomon vakillari mamlakatlarimiz o‘rtasida fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlik aloqalarining rivojlanishi O‘zbekiston va Pokiston manfaatlariga birdek mos kelishini alohida ta’kidlab o‘tilgan.

Muzokaralar davomida Transport vazirligining havo transportini rivojlantirish departamenti rahbari D. Djumayev xorijiy aviakompaniyalarni mamlakatimiz aviatsiya bozoriga jalb etish, ushbu bozorning barcha ishtirokchilari uchun qulay sharoitlarni yaratish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Xususan, birgina joriy yilning o‘zida aeroport xizmatlari uchun yig‘imlar 42 %ga qadar tushirilgani, ziyorat turizmi yo‘nalishida bajariladigan parvozlarga esa 50 %ga qadar chegirmalar berilishi to‘g‘risida aytib o‘tgan.

“PIA” aviakompaniyasining O‘zbekistondagi vakili Muhammad Vakkos Islomobod – Toshkent va Karachi – Toshkent yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha rejalari bilan o‘rtoqlashdi.

Aviakompaniya ushbu yo‘nalishlarda parvozlarni 2022-yil yanvar oyidan yo‘lga qo‘yish niyatida.

Uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan yo‘nalishlarda muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan hamkorlikda ishlarni davom ettirishga kelishib olingan.