Bugun, 16-dekabr kuni Senatning yalpi majlisida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning 3-chorak yakunlari bo‘yicha hisoboti tinglandi.

Foto: Daryo

“Avvalo har bir daraxt uchun qayg‘urayotgan odamlarimiz bor. Shunisiga ham shukr! Bu ham davlatning rivojlanayotganini bildiradi. Ilgari daraxt kesilsa, hech kim ahamiyat bermasdi. Men fuqarolarimizga minnatdorlik bildiraman. Hokimlik ham buni e’tiborsiz qoldirmaydi.

G‘afur G‘ulom parki ikki yil oldin investorga berilgan. Bizga ko‘rsatgan, Prezidentga ko‘rsatilgan loyihasida hech bir daraxtni kesmaslik, plyaj zonalarini qoldirish, rekonstruksiya qilish va qo‘shimcha yangi attraksionlar qurish belgilangan edi. Lekin investor, mana, bir yildan oshdi, o‘ziga qo‘yilgan vazifalarni bajarmadi. Men buni qayta ko‘rib chiqishni taklif qilaman. Buni qayta ko‘rib chiqamiz”, dedi Toshkent shahar hokimi.

Shuningdek, hokim Toshkentda ishsizlikdan muammosi haqida ham to’xtalib o’tgan. Hokimga ko‘ra, aholini ishga joylash masalasidagi asosiy muammo xizmat ko‘rsatish sohasi ko‘lami torligi bilan bog‘liq. 

“Hozir dunyoda 700dan ortiq xizmat ko‘rsatish sohasi bor, bizda esa 150ta xolos. Ularning ko‘lamini kengaytirish oldimizdagi muhim vazifalardan. Muammo shundaki, bizda xizmat ko‘rsatish sohalarining turlari juda oz. Shu sababli oliy ta’limni bitirganlarning aksariyati o‘z sohalarida ishlay olmayapti. Bunga o‘sha sohalardagi xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari tashkil etilmagani xalaqit beryapti.

Fabrikalar va zavodlarda ish joylari bor, ammo oliy ma’lumotli odam u yerlarga ishlash uchun borgisi kelmaydi. Shuning hisobidan har kuni 122 ming odam avtobusga o‘tirib Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga ishlash uchun keladi. Ular fabrika va zavodlarda ishlab, yana viloyatga qaytishadi.

Bizga bir oy ichida xizmat turlarini ko‘paytirish bo‘yicha prezidentimiz topshiriq berdilar. Dunyoning rivojlangan davlatlari tajribasini o‘rganish, oliy ma’lumotli odamlar xohlagan xizmat turlarini ko‘paytirish orqali ishga joylashtirish imkoniyatlari mavjud.

Hozirda ularning hammasi bilan birma-bir gaplashib chiqyapmiz. Ishlar taklif qilyapmiz. Uquvi yetmayotgan bo‘lsa, Mehnat vazirligi bilan bog‘lanib, “Ishga marhamat” markazlari orqali kasb o‘rgatish va ishga yo‘naltirish yo‘lini qilyapmiz.

Men o‘ylayman Toshkentda ishsizlikdan muammo bo‘lmasligi kerak va buning uchun barcha kuchlarimizni yo‘naltiramiz”, dedi shahar hokimi.