YuNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasi XVI sessiyasi doirasida “Baxshichilik san’ati” O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosi elementi sifatida Insoniyat nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati

Ushbu element bo‘yicha nominatsion paket O‘zbekistonning YuNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi tomonidan tayyorlanib, 2020-yilda NMMMHQga taqdim etilgan. Ikki yil davomida YuNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya va O‘zbekistonning Parijdagi doimiy delegatsiyasi Qo‘mitaga a’zo davlatlar, Baholash komissiyasi va YuNESKO Kotibiyati bilan hamkorlikda mazkur elementni targ‘ib qilish bo‘yicha faol ish olib bormoqda.

Qayd etilishicha, sessiya doirasida Bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekistonning YuNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi raisi Aziz Abduhakimov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan “Baxshichilik san’ati” nominatsiyasining taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbir ishtirokchilariga ushbu san’at turini asrab-avaylash hamda milliy va xalqaro miqyosda targ‘ib qilish bo‘yicha hukumatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berilgan.

Tadbirda O‘zbekiston hududida baxshichilikning rivojlanish tarixini aks ettiruvchi maxsus videorolik namoyish etildi.

NMMMHQ ushbu elementni Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritishni akklamatsiya (keng konsensus) yo‘li bilan hech qanday debatlar va ovozga qo‘yishlarsiz ma’qulladi.

“Baxshichilik san’ati” O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Reprezentativ ro‘yxatga kiritilgan nomoddiy madaniy merosning oltinchi elementi bo‘ldi. Bunga qadar ushbu ro‘yxatdan “Boysun tumani madaniy makoni” (2008), “Katta ashula” (2009), “Askiya” (2014), “Palov madaniyati va an’analari” (2016) va “Lazgi” (2019) o‘rin olgan edi. Bundan tashqari, O‘zbekiston boshqa davlatlar bilan hammualliflikda “Shoshmaqom” (2008), “Navro‘z” (2016) va “Miniatyura san’ati” (2020) nominatsiyalarini ilgari surishda ishtirok etdi.

Kelgusi yillarda “O‘zbekiston kulolchilik maktabi” milliy elementlari, shuningdek, boshqa davlatlar bilan “Hunarmandchilikning an’anaviy uslubi” va “Rubob chalish”, “Markaziy Osiyoda an’anaviy kashtachilik uslubi”, “Xo‘ja Nasriddin qissalarini aytish an’anasi” kabi ko‘p millatli nominatsiyalarni NMMMHQ muhokamasiga kiritish rejalashtirilgan.