Joriy yilning 1-noyabr kuni Andijon viloyati Jalaquduq tuman jinoyat ishlari bo’yicha sudida qizi bilan jinsiy aloqa qilgan yiginti o’ldirgan Sh.A.ga hukm o’qildi. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Abidov Uznews’ga ma’lum qildi.

Foto: O’zA

Sud hukmida aytilishicha, Andijonda yashovchi Sh.A.ning 18 yoshli qizi M.F. bilan oldindan tanish bo’lgan yigit 2020-yil 20-noyabr kuni M.F. bilan jinsiy aloqada bo’lgan.

Shundan so’ng qizning otasi yigitni yaqinlari bilan kelishib, qizini mahalla oldida to’y bilan yuzini yorug’ qilib olib chiqib ketish haqida gaplashib olishgan. Lekin oradan bir necha oylar o’tgan bo’lsa-da, Sh.I.ni uyidagilari sovchi bo’lib kelmagan.

Sh.I. qizni urib ko’zlarini ko’kartirib uyga kirgizib yuborganidan xabardor bo’lgan ota qattiq g’azablanib, qiziga yigitni uyga chaqirishini, u bilan to’y haqida gaplashib olishligini aytgan.

Shu yilning 17-may kuni soat 17:40 atrofida yigit qizning uyiga kelgan. Ota yigitdan 3 kun avval qizini nima sababdan urganini so’raganida, u qizni bir yigit bilan telefonda gaplashgani sababli urganini aytgan. Keyin esa ota Sh.I.dan qachon to’y qilishini so’ragan.

Yigit to’y qilish uchun pullari yo’qligini, qiziga uylanolmasligini, qizi bilan jinsiy aloqada bo’lgan holatni telefoniga tasvirga olganini, videotasvirni internetga chiqarib, uni va oilasini sharmanda qilib, mahallada yura olmaydigan qilib yuborishini aytganida, ota g’azablanib, uni gaplaridan o’zini tuta olmasdan, stol ustida turgan chinni choynakni olib, Sh.I.ning yuz qismiga urgan.

Shundan so’ng uning yuziga chap va o’ng qo’li bilan bir necha marotaba zarba berib, hunarmandchilik pichog’i bilan tanasining turli qismlariga yengil tan jarohati yetkazgan. Yigit hushini yo’qotganida, ota tashqaridan sim olib kirib uni bo’ynidan bo’g’ib o’ldirgan.

Sud hukmiga ko’ra, Sh.A. JKning 97-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilib 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.