Sal avval ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida Orlando avtomobili yonayotgani aks etgan video tarqalgan edi. Holat yuzasidan IIV YHXBBning axborot xizmati ma’lumot berdi.

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bugun, 14-dekabr kuni soat 19:25larda Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Islom Karimov ko‘chasida haydovchi, 1981-yilda tug‘ilgan Sh.A. Orlando rusumli avtomobilda harakatlanayotib “Hilton” mehmonhonasi ro‘parasiga yetgan vaqtda, transport vositasining dvigatel qismida qisqa tutashuv va uning ortidan yong‘in yuzaga kelgan.

Haydovchi zudlik bilan to‘xtagan. O‘zi va salonda bo‘lgan yo‘lovchilar ham tezkorlik bilan avtomobildan tushgan.

Yong‘in o‘t o‘chiruvchilar tomonidan bartaraf etilgan. Tan jarohati olgan fuqarolar yo‘q.

Ushbu hodisa yuzasidan Shayxontohur tumani FVB va YHXB xodimlari tomonidan surishtiruv olib borilmoqda.