Sinoptiklar mazkur haftada o’zbekistonliklarni qanday ob-havo kutayotgani haqida ma’lumot berdi.

Foto: Sof.uz

O’zgidromet xabariga ko’ra, bugun, 13-dekabr kuni O’zbekiston hududining katta qismiga Volga bo’yi hududlaridan nam va sovuq havo kirib kelgan. Respublika bo’yicha ba’zi joylarda yomg’ir yog’adi, ayrim joylarda yomg’ir qorga aylanishi mumkin.

Qoraqalpog’istonda, Xorazm viloyatida va Farg’ona vodiysi viloyatlarida yog’ingarchilik kuzatilmaydi. Shamolning tezligi sekundiga 15-20 metrgacha kuchayishi mumkin. Kunduzgi havo harorati +7…+9 daraja, shimolda esa -2…+3 daraja atrofida bo’ladi.

14-dekabrda tsiklon ta’siri saqlanib turadi. Buxoro va Navoiy viloyatlarida kechasi va ertalab, respublikaning qolgan hududlarida kun davomida ba’zi joylarda yog’ingarchilik bo’ladi. Respublikaning shimolida esa yog’ingarchilik kuzatilmaydi.

Havo harorati kechasi -1…-3 daraja va kunduzi +3…+5 darajagacha bo’ladi, respublikaning shimolida -7…-12 va kunduzi -1…-6 darajagacha pasayadi va o’rtacha ko’p yillik qiymatlardan 4-6 darajaga past bo’ladi.

15-dekabrda respublika bo’yicha yog’ingarchiliksiz ob-havo bo’lishi kutilmoqda, faqat Farg’ona vodiysi viloyatlarida biroz qor yog’ishi mumkin. Harorat kechasi -4…-6 darajagacha pasayadi, kunduzi +3…+5 daraja atrofida saqlanib turadi.

16-17-dekabr kunlari antisiklon ta’siri pasayadi, yog’ingarchilik bo’lmaydi. Havo harorati kechalari 0…-3 darajani tashkil etadi, kunduzi esa +7…+10 darajagacha ko’tariladi.

Qayd etilishicha, respublika bo’yicha ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin.