O`zbekistonda qizlar hamda ayollarni ta’qib va zo’ravonlik holatlaridan himoya qilish bo’yicha bir qator takliflar tayyorlanmoqda.

Footo: Google

Adliya vazirligi matbuot xizmatining xabariga ko’ra, qizlar va ayollarni ta’qib va zo’ravonlik holatlaridan himoya qilish bo’yicha qonunchilikka taklif tayyorlanmoqda.

Qayd etilishicha, Adliya vazirligi tomonidan xotin-qizlarni tazyiq va zo’ravonlikdan himoya qilish bilan bog’liq muammolar tahlil qilinib, ularning oldini olish bo’yicha qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan bir qator takliflar ishlab chiqilgan.

Qonunchilikda “ta’qib etish”, ya’ni qizlarni, ayollarni orqasidan kuzatib yurish tushunchasi kiritilmagan hamda bu holatdan himoyalanish mexanizmlari mavjud emas.

Bu holatlarning oldini olish maqsadida qonunchilikka “ta’qib etish” tushunchasini kiritish va ta’qib ostida qolgan xotin-qizlarga ham himoya orderi berish tizimini joriy etish taklif etilmoqda.

Shuningdek, qonunchilikda ish va o’qish davomida tazyiq va zo’ravonlikka uchragan ayollar ish beruvchisining yoki ta’lim muassasasi rahbarining javobgarligi belgilanmagani tufayli bunday holatlarga chek qo’yish uchun jabrlanuvchi va tazyiq o’tkazgan shaxs o’rtasidagi har qanday aloqalarni cheklash tartibini joriy etish taklif etilmoqda.

Tahlillarda xotin-qizlarning turli ko’rinishdagi rasmlari, videolarini tarqatish orqali ularning shaxsiy hayot dahlsizligini, ayniqsa intim hayot daxsizligini buzish holatlari ko’plab uchragani aniqlangan.

Shuni inobatga olib, ayollarning shaxsiy hayotiga turli tajovuzlarning oldini olish maqsadida, shaxsiy hayot daxlsizligini to’liq kafolatlagan holda, ularning intim hayot daxlsizligini buzganlik uchun alohida javobgarlik joriy etish nazarda tutilmoqda.

Yana bir muammo sifatida ayollarni reabilitasiya qilish va moslashtirish bo’yicha markazlari zo’ravonlikka uchrayotgan ayollarni to’liq qamrab ololmayotgani keltirilgan.

Buni hal qilish uchun sohaga xususiy tadbirkorlarni jalb qilish, xususan, tadbirkorlarga er ajratishda, davlat bino va inshootlaridan foydalanishda, soliq, davlat grantlari, subsidiyalar, ijtimoiy buyurtmalar kabi turli yo’nalishlarda imtiyozlar berish ko’zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, ayollarga gap otish va boshqa nafsoniyatga tegadigan izohlar berishni taqiqlash va ushbu harakatlar uchun ma’muriy javobgarlik chorasini belgilash, shu bilan birga ayollarga shikast etkazish holati uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish taklif etilmoqda.

Ma’lumot berilishicha, Belgiya, Portugaliya, Argentina, Kanada, yangi Zelandiya va AQSh kabi davlatlarda bunday harakatlar mayda huquqbuzarlik sifatida baholanib, 750 yevrogacha jarima solishga sabab bo’ladi.